06 Noy 2026
SARKOMALARNI DAVOLASHDA ZAMONAVIY YONDASHUVLAR: XALQARO KONGRESS MUVAFFAQIYATLI O‘TDI
Konferensiyada Fransiyaning Gustave Roussy onkologiya markazi yetakchi mutaxassislari
2026-yil 5-noyabr kuni Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi — Gustave Roussy International Uzbekistanda «Sarkomalarni davolashning zamonaviy usullari» mavzusida xalqaro kongress yuqori saviyada o‘tkazildi.
🇫🇷 Kongressda Fransiyaning Gustave Roussy onkologiya markazi yetakchi mutaxassislari:
🔹 professor Axel Le Cesne — tibbiy onkolog;
🔹 doktor Carine Ngo — patomorfolog;
🔹 doktor Matthieu Faron — onkojarroh ishtirok etib, o‘z ilmiy va klinik tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
🔬 Kongress doirasida sarkomalar patomorfologiyasi va laborator diagnostikasi, qo‘l-oyoq yumshoq to‘qima sarkomalarini jarrohlik yo‘li bilan davolash, mahalliy yumshoq to‘qima sarkomalari hamda GISTda perioperatsion terapiya, shuningdek, NGS — yangi avlod sekvenirlashi va aniq patologiyaning ahamiyati muhokama qilindi.
🩺 Shuningdek, retroperitoneal sarkomalar va gastrointestinal stromal o‘smalarni jarrohlik davolash, kasallikning rivojlangan bosqichlarida zamonaviy terapevtik yondashuvlar hamda sohadagi so‘nggi ilmiy yangiliklar yuzasidan mazmunli ma’ruzalar taqdim etildi.
💬 Kongress davomida murakkab klinik holatlarga oid fikrlar almashildi, tashxis va davolashning zamonaviy tamoyillari muhokama qilinib, multidissiplinar yondashuvning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
🤝 Tadbir mamlakatimiz mutaxassislari uchun xalqaro tajribani o‘rganish, yetakchi ekspertlar bilan professional muloqot qilish va sarkomalarni davolashdagi ilg‘or yondashuvlar bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
Kongress bilan bir vaqtda gematologiya va farmatsevtika yo‘nalishlarida ham alohida professional uchrashuvlar o‘tkazilib, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
✨ Mazmunli ma’ruzalar, dolzarb ilmiy muhokamalar va samimiy professional muloqotlarga boy o‘tgan ushbu kongress zamonaviy onkologiyani rivojlantirish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ldi.